





2025 yil 12 sentabr kuni professor Ismoil Saifnazarov tashabbusi bilan “TDUI huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazi”ning “Iqtisodiyot” va “Marketing va logistika” yo‘nalishi tinglovchilari uchun ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi o‘quv jarayoni tashkil etildi. Ushbu tadbirning asosiy maqsadi — tinglovchilarning nafaqat kasbiy bilim va malakasini oshirish, balki ularning yuksak ma’naviy ongini shakllantirish, tarixiy xotira va milliy qadriyatlarga bo‘lgan ehtiromini kuchaytirishdan iboratdir.
Shu munosabat bilan, tinglovchilar mamlakatimiz Birinchi Prezidenti xotirasiga bag‘ishlab tashkil etilgan “Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi”ga tashrif buyurishdi.
“Oqsaroy Rezidensiyasi” nomi bilan mashhur bo‘lgan majmua, zamonaviy tariximizda muhim davlat qarorlari qabul qilingan, tarixiy voqealarga guvohlik bergan maskan hisoblanadi. Bugungi kunda esa u nafaqat yodgorlik, balki ma’rifat markaziga aylanib, yoshlar va tadqiqotchilar uchun beqiyos ma’naviy xazina vazifasini o‘tamoqda.
Muzeyda, tinglovchilar Birinchi Prezidentimiz Islom Abdug‘anievich Karimovning bolalik va yoshlik yillari, ta’lim olgan davri, siyosiy faoliyati va davlatchilik sohasidagi beqiyos xizmatlari haqida keng qamrovli ma’lumotlarga ega bo‘lishdi. Zamonaviy smart-ekranlar va multimedia vositalari yordamida Karimovning tarixiy chiqishlari, davlat dasturlari va xalq oldidagi ma’ruzalaridan lavhalar taqdim etildi. Shuningdek, muzey tarkibidagi kutubxona va o‘quv zalida saqlanayotgan boy ilmiy va ma’naviy adabiyotlar bilan ham tanishish imkoniyati yaratildi.
Tashrif doirasida, professor I.Saifnazarovning “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi va jamiyatning ma’naviy asoslari” mavzusidagi sayyor amaliy mashg‘uloti o‘tkazildi. Mashg‘ulot davomida, professor tinglovchilarga Yangi O‘zbekistonning davlatchilik tamoyillari, ma’naviy-ahloqiy qadriyatlar va ularning ijtimoiy hayotda tutgan o‘rni haqida atroflicha tushuntirishlar berdi.
Ushbu mashg‘ulot va ma’naviy tashrif tinglovchilar qalbida chuqur taassurot qoldirib, ularning faqat kasbiy emas, balki ma’naviy rivojiga ham xizmat qildi. Tinglovchilar bu kabi tadbirlar pedagogik kadrlar uchun bilim va tajriba manbai bo‘lishi bilan birga, yuksak fuqarolik pozitsiyasi va ma’naviy barkamollikni shakllantirishda ham katta ahamiyat kasb etishini ta’kidlashdi.



